Yuklanmoqda...
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
Ushbu maqola 1992 yildagi Mingbuloq neft favvorasi voqealarini bevosita joyidan yoritgan jurnalist sifatidagi shaxsiy xotiralarim, kuzatuvlarim va o'sha yillardagi kundalik qaydlarim asosida yozildi. Unda tarixiy voqealar bilan bir qatorda, voqea ishtirokchilari, qaror qabul qilish jarayonlari va o'sha davr ruhiyati haqidagi shaxsiy taassurotlar ham aks etgan.

Ўзбекистонда хизмат кўрсатган журналист Муҳаммаджон Обидов
Mingbuloq 1992 yil. O'zbekiston uchun iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy jihatdan murakkab davr edi. Mamlakat mustaqillikka erishgani qanchalar tarixiy, buyuk voqea bo'lmasin, dastlabki yillari yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli xalq hali uning haqiqiy ahamiyati, qadrini chuqur tushunib etmagan. 1991-1992-yillarda davlatlararo sobiq ittifoq tizimidagi kooperasiya izdan chiqdi. Ya'ni, O'zbekiston qishloq xo'jaligi mahsulotlari hom ashyo bazasi sifatida asosan paxta, bog'dorchilik mahsulotlari etkazib bergan. Markazlashgan rejalashtirish qo'mitasi taqsimotiga ko'ra sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat, masalan g'alla Rossiya, Ukraina va Qozog'istondan keltirilgan. Bir necha o'n yillar davomida shu, tajribadan o'tgan usulda yashadi xalqlar. Paxta xom-ashyosi asosan Rossiya to'qimachilik korxonalariga yuborilar, ehtiyojdan ortgani esa yana o'sha markazlashgan rejalashtirish qo'mitasi taqsimoti bilan xorijga eksport qilingan. Qaerga, qanchadan, buni dehqon ham, mahalliy amaldorlar ham bilmaganlar.
Un, yog', sovun, shakar kabi eng birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari aholi jon boshiga belgilangan oylik miqdorda etkazib beriladigan bo'ldi. Masalan, jon boshiga bir oyda 2 kg un, 800 gramm paxta yog'i, 200 gramm shakar, bir dona kir sovuni…
O'zbekistondagi mavjud ishlab chiqarish korxonalari Rossiya, sobiq sho'ro hududi davlatlari bilan chambarchas bog'liq bo'lgan. Qo'shimcha qiymatli hamda eksportbop mahsulotlar juda kam edi. Paxta tolasi esa o'sha paytda Angliyaning Liverpul birjasida sotilgan. O'zbekistonda esa ehtiyoj uchun etarli qattiq valyuta, eksportga sotish tajribasi, horijiy tillarda savdo qilish malakasiga ega mutaxassislari juda kam bo'lgan. Vaziyatni tahlil qilgan davlat rahbari mamlakatda “yangi uy qurmay eskisini buzma” degan shiorni joriy qildi.
O'zbekiston 1994 yilga qadar Rossiyaning “rubl” hududida qoldi. Barcha iqtisodiy aloqa, savdo-sotiq, odamlar oarsidagi oldi-berdi rubl orqali edi. Bu esa 1992 yildayoq keskin infilyasiyaga olib keldi. Sobiq ittifoq o'rnida paydo bo'lgan davlatlardagi endi xalqaro iqtisodiy institutlar tan olmaydigan ortiqcha rubllar O'zbekistonga oqib kelardi. Bu esa pul massasining o'sishi va narxlarning kun sayin oshib borishiga sabab bo'ldi.
Ma'lumki, O'zbekiston mustaqillikka erishguncha o'zining Mudofaa vazirligi, Chegara qo'shinlari bo'lmagan. Turk VO (Turkiston harbiy okrugi) degan harbiy tuzilma O'rta Osiyodagi beshta respublika, jumladan O'zbekistonni ham kamrab olgandi. Mustaqillik e'lon qilingach, birlamchi vazifa – mamlakat mudofaa vazirligini tuzish, chegara qo'shinlarini tashkil etish bo'lgan. Harbiy texnika, qurol aslaha, zarur anjom, chegara infratuzilmasi… E he, bularning barchasiga pul, qolaversa ozmuncha volyuta kerakmidi?
O'zbekiston mustaqilligi e'lon qilingan 6 oyda 83 ta davlat uni tan oldi va diplomatik aloqalar o'rnatish istagini, ya'ni ikki tomonlama elchixonalar ochish tashabbusi bilan chiqdi. Xorijda elchixona ochish uchun esa aytaylik, ijaraga bino-inshoat, transport vositalari, diplomatlarga uy-joy, aloqa anjomlari, faoliyat uchun byudjet… bunga ham bir dunyo volyuta talab qilingan.
Ichki siyosiy vaziyat ham yakdil emasdi. Toxir Yo'ldoshev va Juma Xojiev(Namongoniy) mustaqillikning to'rtinchi oyida Namanganda davlat boshqaruv idorasini egallab olib, 30 ming tarafdorlarini yig'ib, islom respublikasi tuzamiz deya shart qo'ydi. Hayriyatki, bu balo olovi ular o'ylaganidek Farg'ona, Andijon viloyatlari, Toshkent shahriga tutashib ketmadi.
Mamlakat mustaqilligining endigina olti oyini bosib o'tgan davrda u shu kabi muammolar girdobida edi.
Shunday har jihatdan og'ir sharoitda “yilt” etgan ijobiy yutuq, davlat mustaqilligiga hizmat qiluvchi yangilik katta voqea sifatida baholangan.
Intiq kunlarning biri – 1992 yil 2 martida Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi burg'ulash maydonlarining birida neft fontani otilib chiqdi!
Uning balandligi 50-60 metr edi. Chunki mutaxassislar fikricha neft favvorasi 5,5 ming metr er ostidan 1000 atmosfera, er ustiga chiqqach 700 atmosfera bosim bilan otilardi. Bu xabar shu zahotiyoq nafaqt O'zbekiston, butun dunyo e'tiborini tortdi. Rossiya, AQSh, Ozarbayjon kabi mamlakatlarning neft burg'ulash tarmog'i mutaxassislari Mingbuloqdagi kabi yuqori bosmli fontan dunyoda o'ntadan oshmasligini, uni jilovlab har kuni otilib chiqyotgan o'n minglab tonna neftni qayta ishlash yoki eksportga yo'naltirish O'zbekistonga katta daromad keltirishini ta'kidladilar.
3 mart kuniyoq “Axborot” Mingbuloqda nimalar ro'y bergani haqidagi dastlabki reportajni namoyish qildi. Butun O'zbekistonda bayram, o'yin-kulgu boshlandi.

Arxiv
Favvorani ko'rgani kelgan odamlar, hatto jurnalistlar, “O'zbekiston endi Quvaytga aylanadi”, degan iborani qayta-qayta takrorlaydigan bo'lishdi. Mamlakat bosh vaziri o'rinbosari Qayum Haqqulov boshchiligidagi sohaning etuk mutaxassislari Mingbuloqda ish boshladilar.
Bu kabi yuqori bosimli neft otilib chiqqani qanchalar quvonchli bo'lmasin, aslida vaziyat g'oyat murakkat va og'ir edi.
Birinchidan, neft favvorasi bosimi noyob darajada yuqori bo'lgan. Buning ijobiy tomoni – agar uni jilovlab olinsa, darhaqiqat u mamlakatga katta miqdorda daromad keltiradi. Tanganing orqa tomoni shundaki, bunday bosimga dosh beradigan mustahkam priventor (qopqoq) yo'q edi. Uni chet eldan keltirish esa vaqt talab qiladi. Keltirilganda ham fontanga priventor o'rnatish muammosi bor.

Arxiv
Ikkinchidan, neft fontani Sirdayo qirg'og'idan atigi yuz-yuz ellik metr berida. Har kuni o'n ming tonnadan ziyod neft otilib chiqyapti. Favvora atrofida tashkil etilgan suniy havzalar to'lib daryoga yaqinlashmoqda. Neftning daryoga oqib tushishi esa o'nglab bo'lmas fojeaga olib kelishi mumkin.
Shunday qilib, hukumat komissiyasi oldida fontan sabablarini aniqlash emas, uni jilovlash masalasi ustivor turgan. O'shanda amalga oshirilgan muhim tadbirlar quyidagilar edi:
Surgich traktorlar bilan Sirdaryo qirg'oqlariga to'siq barpo etish, yaqin oradagi kanal suvini to'xtatib otilib chiqayotgan neftni unga oqqizish;
Zudlik bilan eng yaqin temir yo'l stansiyasi Oqtoshda yangi yo'laklar qurish, u erda neftni ixtisoslashgan mashinalardan vagonlarga quyish infratuzilmasini barpo etish;
Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi va isitish tizimiga neft mahsuloti (mazut, dizel yonilg'isi) ishlatadigan vodiy viloyatlaridagi idora, tashkilot, xo'jalikarga havza hamda kanaldagi neftni tashib keltishlarini tashkil etish;
Tarkibi eng mustahkam po'latdan tayyorlangan priventor keltirish;
Amerika, Rossiya, Ozarbayjondan mutaxassislarni jalb etish, ularning maslaxati va yordamida favvorani jilovlash.
Mingbuloq neft favvorasi hududida palatka va vagon shaharchasi tashkil etildi. “Axborot” muxbiri sifatida tasvirchi ikkimizga palatkalarning biridan joy berdilar. Biz voqelikni kecha-kuduz tasvirga tushirar, so'ng Toshkentga, tahririyatga etkazar edik.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov
Xo'sh, Mingbuloqda nega neft otilib chiqqan?
Mutaxassislar tahliliga ko'ra, xodisa birgina omil emas, balki bir nechta sabablar tutashgan holda yuz bergan.
Avvalo, geologik sharoitlar murakkab bo'lgan. Chuqur qatlamlardagi yuqori bosim va neft-gaz aralashmasining xususiyatlari to'liq hisobga olinmagan. Bu esa burg'ulash jarayonini havfli bosqichga olib kirgan.
Ikkinchidan, texnik omil hal qiluvchi rol o'ynagan. Quduqni favqulodda holatda yopish uchun mo'ljallangan priventor yuqori bosimga chidamay ishdan chiqqan. Shu orqali neft chiqishini to'xtatish muammosi kelib chiqqan.
Shu bilan birga, loyihalash va tashkiliy kamchiliklar ham mavjud bo'lgan. Chuqur burg'ulashda ehtimoliy xavflar etarlicha baholanmagan, havfsizlik choralari esa to'liq ta'minlanmagan. Bu xulosalar Qayum Xaqqulov boshchiligida o'tkazilgan bir necha muhokamalar chog'ida aytildi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining sobiq o'rinbosari Qayum Haqqulov
Vaziyat kundan-kunga murakkablashib bordi. Keltirilgan priventorni o'rnatish va favvorani jilovlashga bo'lgan bir necha urinishlar samara bermadi. Favvoradan uchib chiqayotgan neft zarralari atrof mahalla, keyin qishloq uylari tomlarini qoraytirdi. Daraxtlarga zarar etkazdi. Havo tarkibiga aralashib bordi. Mingbuloq neft favvorasi ekologik va iqtisodiy zarar keltirdi. Neft bilan ifloslangan erlar, zarar ko'rgan qishloq xo'jaligi maydonlari va havoga tarqalgan zararli moddalar hudud ekotizimiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi.
Shunday kunlarning birida, mart oyining 7 kuni

O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov
Mingbuloq neft konida yuz bergan ulkan texnogen xodisa hududiga tashrif buyurdi.
Mingbuloq koni Farg'ona vodiysining shimoliy qismida joylashgan bo'lib, sho'rolar davridanoq istiqbolli neft-gaz hududi sifatida o'rganilgan. Neft qudug'ini qazish ham o'sha davrda boshlangan edi, aslida.
Prezident xodisa oqibatlari bilan batafsil tanishdi. Neftchi, geolog, harbiy va favqulodda xizmatlar rahbarlari bilan uchrashdi. U maxsus shtab faoliyati va vakolatini kengaytirish, barcha kuch va texnik vositalarni safarbar etish, xorijiy tajribani qo'llash haqida topshiriq berdi.

Mingbuloq neft
Mingbuloqqa Quvaytdagi neft yong'inlarini o'chirishda ishtirok etgan Amerikaning neft quduqlarini nazorat qilish bo'yicha mashxur mutaxassislari jalb etildi. Afsuski, olis Amerikadan kelgan mutaxassislar aniq va samarali natija beradigan echimni tavsiya qila olmadilar. Xolbuki, favqulodda vaziyatni bartaraf etish ishlariga yuzlab mutaxassislar jalb etildi. Maxsus texnika va turli usullar qo'llanildi. Quduqni yopish uchun yana va yana bir necha bor urinishlar qilindi.
Favvora jilovlanishini davlat raxbari kabinetida kuzatib tura olmadi. Mart oyining so'nggi kunlari yana Mingbuloqqa keldi. Tanishuv, taxliliy yig'ilish, topshiriqlar… Ammo, neft favvorasini jilovlab bo'lmasdi.
Oradan bir oy o'tganda shtab yig'ilishi quduq ustidagi minorani ag'darish, so'ngra neft favvorasi og'ziga to'pdan otib uni berkitishga qaror qildi. Shunday qilib, 1992 yil 2 aprel kuni quduq ustidagi minoraga uchida ilgich bo'lgan mustahkam tros otildi va u nishonga ilindi. Trosning ikkinchi uchini eng qudratdi yapon buldozerlariga ulashdi. Buldozerlar harakatga kelgach tros taranglashdi va nihoyat minoraning “oyoqlari” asosdan uzilib yon tomonga yiqildi. Shu daqiqada uzilayotgan metaldan uchqun uchib chiqdi va neft favvorasi oniy tezlikda olov favvorasiga aylandi. Osmonga 40-50 metrli “olov tili” vohimali guvvillagan ovoz chiqarib intilar edi.
Minora yiqitilib chetga olindi. Endi aftrofga neft otilishi to'xtadi. Ammo… yana bir og'ir muammo paydo bo'ldi – olov harorati 1500s dan ortiq, uni jilovlash uchun shu darajadagi issiqlikda erib ketmaydigan yangi priventor (qopqoq) kerak edi.
Yana xorijiy ta'minotchilarga murojaat qilindi va dunyodagi eng mustahkam metal priventor Mingbuloqqa keltirildi. U Rossiyada ishlab chiqarilgan bo'lib, 700 atmosfera bosimiga chidar edi. Priventor bilan birga 1000 atmosfera bosimiga dosh beradigan fontan armaturasi xam olib kelindi.
Yana urinishlar boshlandi. Afsuski, priventor ham, uni o'rnatadigan texnika “qo'li” ham erib ketaverardi… Shu tariqa olovli bir oy o'tdi.
Shu o'rinda bir lahzalik tarixni yodga olmasak bo'lmas. 1992 yil, 2 may. Yarim tun. Mamlakat bosh vaziri Abduxoshim Mutalov, Namangan viloyati hokimi Burgutali Rafiqaliev, Qayum Haqqulov bosh

O'zbekiston Respublikasining sobiq bosh vaziri Abduxoshim Mutalov
mutaxassislar olovni jilovlash uchun yana qanday usul qo'llash masalasini xorijiy hamkasblari bilan muhokama qilar edilar. Dala vagoni sigareta tutuniga to'lgan. Go'yo chiroq ham xiralashgandek. Kimdir robot qo'lli texnikani eng yuqori haroratda ham erimas priventorlar bilan jihozlashni taklif etadi, yana kimdir… Shu payt vagonga bir kishi hovliqib kirib keldi.
Olov pasaymoqda!
Barcha hovliga otilib chiqdi. Dala vagon olov favvorasidan chamasi 500-600 metr berida edi. Bir necha daqiqada osmono'par olov tili tobora qisqarib, oxiri er bilan tenglashdi, so'ng o'chdi.
Hamma o'sha tomonga yugurdi. Shunda Qayum Haqqulov oldinga chiqdi-yu, barchani to'xtatdi.
To'xtanglar! Olov yana bexos otilib chiqishi mumkin. Hech kim bormaydi. Men sizlarning hayotingiz uchun javobgarman. Hamma qoladi, faqat o'zim boraman! – Haqqulov shunday dedi-yu, o'chib qolgan favvora tomon yugurdi.
Yo'q. Hech kim to'xtab qolmadi. Hamma jonini, hayotini tavakkalga qo'ygan Haqqulov ortidan borar edi. Xuddi kinolardagidek!
Ikki oy otilgan favvora o'chib, ”lo'p-lo'p” degan ovoz chiqarar edi, xolos. Ishchi gurux, olim va amaliyotchilar, xorijiy mutaxassislar obdon uni aylandi, keyin yana hamma vagonga qaytdi. Xo'sh, nima bo'ldi? Nega favvora o'z-o'zidan to'xtab qoldi? Yarim tundan to tonggi soat 4 ga qadar fikr almashildi, taxminlar aytildi, ilmiy xulosalar chiqarildi. Va bir to'xtamga kelishdi: pastda er osti o'pirilishi sodir bo'lgan va favvora yo'li to'silib qolgan. Bu erda yangidan qazish ishlari amalga oshirilishi kerak.
Hamma bir xulosada. Ammo voqeani, ko'ngilsiz xabarni Prezidentga kim va qachon aytadi?
– Abduhoshim Mutalovich, siz Bosh vazirsiz, prezidentga bu gapni siz va hozir aytishingiz kerak, – dedi Haqqulov.
Bosh vazir sohani sizchalik bilmayman, men ayta olmayman, dedi. Viloyat hokimi Burgutali Rafiqaliev ham bosh tortdi bu vazifadan.
Shunda Haqqulov o'zida iroda, kuch topa oldi. Xizmat telefonini ko'tardi.
50-60 chog'li odam bo'lgan vagonda pashsha uchsa eshitilgudek.
– Soedenite menya s pervыm, – dedi u jiddiy ohangda.
Bir ozdan so'ng rus yigitning ovozi eshitildi u tomondan.
– Slushayu Vas.
– Ya Kayum Djalilovich Xakkulov, soedinite menya s pervыm, – dedi u yana bir bor.
– On otdыxaet, – degan javob eshitildi.
– Razbudite i soedinite. – Haqqulovning ovozi yanada qat'iylashdi.
Biroz jimlik tushdi oraga. So'ng yana o'sha ovoz bu gal yumshoqroq ohangda dedi:
– On ne odin…
Haqqulov bildiki, tonggi soat to'rtda Prezident shirin uyquda. Qolaversa… yolg'iz emas. Lekin hodisa mamlakat ahamiyatiga ega. Qanchalar noxush xabar bo'lmasin, uni zudlik bilan davlat rahbariga etkazish lozim. Aslida telefondan kelgan ovoz masalani “yopgan” edi. Mutalov va Rafiqaliev yuvvoshlanib qoldilar va Haqqulovga najotkordek tikilar edilar.
– Vse ravno razbudite i soedinite, – dedi bu gal ovozini ko'tarib, Haqqulov.
Oradan ikki daqiqa chamasi vaqt o'tdi. Telefondan Prezident ovozi eshitildi.
– Qayum, tinchlikmi?
– Islom Abdug'anievich. Soat 23 dan 35 minut o'tganda neft olov fontani o'zidan o'zi o'chib qoldi. Lekin…
Haqqulovning oxirgi so'zi og'zida qoldi. Prezident trubkani qo'yib qo'ygandi. Davlat rahbariga bu xabar chaqmoq urgandek ta'sir qilgandi. Bir so'z aytmay telefon go'shagini ilib qo'ygani esa Haqqulovni dastlab dovdiratib qo'ydi. Shundog'am qaqshagan asabi qon tomirlarini bo'rttirib yubordi.
Vagonda hamma telefonga tikilganicha o'tirardi. Hech kim, hatto xorijiy maslahatchilar ham churq etmasdi. Shu tariqa chamasi besh daqiqa o'tdi, lekin qanday daqiqalar edi bu!
To'satdan xukumat telefonining jarangi olamni tutdi.
– Qayum, nima gap o'zi, neft bormi Mingbuloqda? – Bu Prezidentning ovozi edi.
Qayum Haqqulov yarim soatdan ortiq vaqt ichida Prezidentga boya mutaxassislar bilan bo'lgan muhokama xulosalarini tushuntirdi.
To'g'ri, Mingbuloq neft va olov favvorasini jilovlab bo'lmadi. Ammo o'zbekistonlik neft burg'ulash soxasi fidoyilari sidqidildan, barcha imkoniyatni ishga solib xarakat qildilar. O'zbekiston neftegaz geofizika birlashmasi boshlig'i Toshpo'lat Bobojonov, Qo'qon burg'ulash tashkilotining bosh muxandisi Mirzaaxmad Abduraximov, Qo'qon geofizika tashkiloti boshlig'i Soxibjon Aliev, Davlat texnik xavfsizlik qo'mita raisi Akrom Axmadboev, “O'zbekneftgaz holding” kompaniyasi raisining birinchi o'rinbosari Akbar Raximov kabi o'nlab “neftchi” lar barcha yo'nalishda kecha-kunduz uzluksiz mexnat qildilar. Mamlakat bosh vaziri Abduxoshim Mutolov va Namangan viloyat xokimi Burguali Rafiqaliev maxsus ishchi komissiya ishlashi uchun barcha sharoitni yaratib berdilar. Mingbuloq neft favvorasi aslida ularni xam imtixon qilib jiddiy sinovdan o'tkazdi.
Shunday qilib, 2 mayga o'tar kechasi Mingbuloq neft favvorasi o'chib qoldi. Bu xaqida tong saxar, soat 4 da xabar topgan prezident ertalabgacha uxlay olmadi. Uni bir necha savollar qiynar edi: qachon, qaerda xato qildik? Mingbuloqda erosti ulkan neft zaxirasi borligi xaqiqatmi? Mamlakat neft mustaqilligiga erishish uchun qanday yo'l tutish lozim?…
Yo'q, prezident uxlay olmasdi, xam. Javobsiz savollar uni yana shu zaxotiyoq Namanganga, Mingbuloq koniga borishga majbur qildi. Olov favvorasi o'chib qolganidan so'ng o'n soat o'tgach davlat raxbari yana kechagi orzu va umid uchog'iga keldi…
Men prezidentni mamlakat uchun eng og'ir siyosiy inqiroz – 1991 yil 8-9 dekabrda Namanganda, Toxir Yo'ldoshev va Juma Xojiev (Namangoniy)lar viloyat ma'muriy binosini egallab olib O'zbekistonni Islom Respublikasiga aylantirish shartini qo'ygan va 30 ming uning tarafdorlari “Alloxu akbar, alloxu akbar!” deya xitob qilgan chog'ida xam muxbir sifatida yonida turib ko'rganman. Uning nigoxi qat'iy, so'zlari ishonchli edi, o'shanda.
Bu gal… Prezidentning mamlakat iqtisodiyotiga katta xissa qo'shishi mumkin bo'lgan, darxaqiqat dunyodagi noyob, yuqori bosimdagi neft favvorasiga bog'lagan umidlari bir zumda yo'qqa chiqqandi. Uni ilk bor ruxan toliqqan axvolda ko'rdim. Avvalgidek jo'shqinlik, qat'iylik, nigox yo'q edi. Garchi bosh vazir Abduxoshim Mutalov birga bo'lsada, prezident uning o'rinbosari Qayum Xaqqulov bilan muloqot qilar edi. Bosh vazir o'rinbosarida esa ruxiy tushkunlikdan asar xam bo'lmagan. U ishchi komissiyasi xulosasi, shaxsiy muloxazalari, kon tarixi va istiqboli xaqida dadil-dadil gapirar, prezident savollariga aniq, lo'nda va umidbaxsh javob qaytarardi. Menimcha, Xaqqulovdagi mamlakat neft va gaz zaxiralari, uni burg'ulash, soxada malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi vazifalar va nixoyat Mingbuloqda ishlaganlarning kecha-kunduz fidoyilik bilan qilgan mexnatlari xaqidagi gaplari Prezident kayfiyatini o'zgartirdi. Unda O'zbekiston neftegaz tarmog'i kelajagiga bo'lgan umid va ishonchni mustaxkamladi.
– Mingbuloq, Ko'kdala va boshqa platalarda burg'ulash ishlari dasturini tuzing. Soxaga kadr tayyorlaydigan institut ochish bo'yicha taklif tayyorlang, – dedi prezident xayrlashayotib Xaqqulovga. Va yana qo'shib qo'ydi. – Darxaqiqat, Mingbuloq konida mutaxassis va olimlar, mexanik va burg'u kranchilari, xamma-xamma borlig'ini berib ishladi. Ularni davlat mukofotlariga tavsiya eting.
Mazkur hodisa neft-gaz sohasida muhim xulosalar chiqarishga sabab bo'ldi.
Eng avvalo, geologik tadqiqotlar va ilmiy hisob-kitoblar har qanday ishning asosi ekani yana bir bor isbotlandi. Chuqur qatlamlardagi bosim va sharoitlarni aniq baholamaslik katta havflarga olib kelishi mumkin ekan.
Ikkinchidan, texnik havfsizlik vositalari zamonaviy va ishonchli bo'lishi shart. Bitta uskunaning ishdan chiqishi butun quduqni izdan chiqarishi mumkinligi ma'lum bo'ldi.
Uchinchidan, favqulodda holatlarga tayyorgarlik va tezkor qaror qabul qilish tizimi hali mukammal emasligi, uni takomillashtirish lozimligi ayon bo'ldi.
Bu voqealarga 34 yildan ortiq vaqt o'tdi. Men sizga televidenie, sevimli jamoam “Axborot”ning ikki oy shu erda yashab har kuni videoreportajlar berib turgan muxbiri sifatidagi o'sha yillar kundaligimdan joy olgan kuzatuv va xulosalarimni ochiqladim.
Ammo, hali Mingbuloq neft konining ko'plab mutaxassislari, ijrochi va tashkilotchilari, olimlar va amaldorlari yaratganga shukurki, hayotlar. Ularning xotiralari, tajriba, taxlil va xulosalari darsliklardan o'rin olmog'i lozim.
Mingbuloq neft fontani – bu faqat o'tmishda qolgan voqea emas. U bugungi kunda ham sanoat havfsizligi, ekologik mas'uliyat va ilmiy yondashuvning ahamiyatini eslatib turadigan muhim saboqdir.
Muallif
ModeratorIzohlar yo'q.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.