Yuklanmoqda...
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
Bugun yurtimizda nafaqat Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami, balki minglab bolajonlar hayotidagi eng unutilmas kunlardan biri maktab ostonasiga ilk qadam qo'yish kuni. Farg'ona shahridagi 2-sonli maktabda ham bugun 7 yoshli bolajonlar yangi hayot, yangi bilim va yangi orzular sari ilk qadamlarini qo'ydi.

Bugun 2 sentyabr. Yurtimizda Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan bayramona tadbirlar o'tkazilayotgan bir paytda mamlakatimiz maktablarida yangi o'quv yili ham boshlandi.

2-Maktab o'quvchilar ishtirokidagi bayram tadbir jarayoni
Bu kun ayniqsa hayotida ilk bor maktab ostonasidan hatlayotgan minglab bolajonlar uchun unutilmas sanaga aylandi. Joriy o'quv yilida O'zbekiston maktablariga qariyb 400 ming nafar bola birinchi sinfga qabul qilindi.

Farg'ona shahridagi 2-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida ham ertalabdan bayramona kayfiyat hukm surdi. Kechagina bog'cha tarbiyalanuvchisi bo'lgan 7 yoshli bolajonlar bugun qo'lida guldasta, yuzida tabassum va qalbida katta hayajon bilan ilk bor maktab o'quvchisi sifatida sinf xonalariga kirib bordi.

1-A sinf o'quvchilari
Biz ham ushbu quvonchli lahzalarga o'z ko'zimiz bilan guvoh bo'ldik. Bolajonlarning shodon kayfiyati, yangi do'stlar orttirishga bo'lgan qiziqishi, ota-onalarning hayajoni va ustozlarning iliq kutib olishi maktab hovlisiga o'zgacha fayz bag'ishladi.

2-sonli maktab direktori birinchi sinf o'quvchilariga Prezident sovg'alarini tantanali ravishda topshirmoqda.
Tantanali tadbirda birinchi sinf o'quvchilariga davlatimiz rahbarining sovg'alari hamda zarur o'quv qurollari to'plamlari ham topshirildi.

Farg'ona viloyati prokurorining katta yordamchisi Sirojiddin G'aziev
Tadbirda Farg'ona viloyati prokurorining katta yordamchisi Sirojiddin G'aziev ishtirok etib, Prezidentimiz tomonidan birinchi sinfga qadam qo'yayotgan bolajonlarga yo'llangan tabrikni shaxsan o'qib eshittirdi.

Shundan so'ng davlatimiz rahbarining ezgu tilaklari etkazilib, sovg'a va o'quv qurollari bolajonlarga tantanali ravishda topshirildi.

Maktab muassasasi rahbarlari va ustozlar tomonidan ham birinchi sinf o'quvchilariga samimiy tilaklar bildirilib, ularga yangi o'quv yilida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolindi.

Ammo tadbirda e'tiborimizni tortgan yana bir jihat bor edi.
U bolajonlarga taqdim etilgan o'quv qurollarining dizayni.
Unda nafaqat o'qish uchun zarur bo'lgan anjomlar jamlangan, balki yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan o'ziga xos echim ham ko'zga tashlanadi.

O'quv qurollari jamlanmasining ko'rinish qismida O'zbekiston Respublikasining muqaddas davlat ramzlari Davlat bayrog'i va Davlat gerbi aks ettirilgan maxsus “breloklar” joylashtirilgan.
Ya'ni bola har kuni maktab sumkasini o'zining “popka” sini ochayotganda ham, yopayotganda ham nigohini yurtimiz ramzlariga qaratilgan holda ko'rishi mumkin.
Qarashda bu oddiy dizayn echimi bo'lib ko'rinishi mumkin. Ammo bola tarbiyasida bunday mayda detallarning ham ahamiyati katta.
Chunki vatanparvarlik faqat balandparvoz so'zlar bilan emas, balki har kuni ko'rib, his qilib, anglab boriladigan timsollar orqali ham shakllanadi.

Bugun birinchi sinfga qadam qo'ygan bolajonlar uchun yangi hayot boshlandi. Yangi ustozlar, yangi do'stlar, yangi bilimlar va katta orzular sari ilk qadam qo'yildi.

Ularning bugungi quvonchi esa yurtimizning ertangi kuniga bo'lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Zero, bugun maktab ostonasidan qadam qo'ygan 7 yoshli bolajonlar ertangi O'zbekistonning bunyodkorlari, ilmli mutaxassislari va Vatan taqdirini o'z qo'liga oladigan avloddir.

Yangi o'quv yili barcha birinchi sinf o'quvchilari, ustozlar va ota-onalarga muborak bo'lsin!
Ilk qadamlaringiz qutlug', orzularingiz ulug', kelajagingiz porloq bo'lsin, aziz bolajonlar!

Muallif
Shuhratjon EsanovIzohlar yo'q.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.