Yuklanmoqda...
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
2006 yilda oddiy bir qo'ng'iroq taqdirni butunlay o'zgartirishi mumkin edi. Jurnalist Muhammadjon Obidov Toshkentga chaqiriladi va unga kutilmagan lavozim taklif etiladi. Bir qarashda imkoniyatdek tuyulgan bu taklif ortida esa boshqa sabablar yashirin edi. Muallif ushbu xotirasida jurnalistik prinsiplar, bosim va vijdon o'rtasidagi tanlov qanday kechganini ochib beradi.

2006 yilning 13 oktyabr kuni soat kechki o'nlarda Farg'ona viloyat hokimligi tashkiliy bo'limidan qo'ng'iroq qilishdi. Barcha hujjatlaringizni olib, tez hokimiyatga keling!
Tinchlikmi? xavotirlanib so'radim.
Siz kelavering, keyin bilasiz.
Men hokimiyatga kelganimda shaxsiy varaqam, tavsiyanoma deyarli tayyor edi. Ba'zi ma'lumotlarga aniqlik kiritilgach, qolgan hujjatlarimdan nusxa olib, paketga solishdi va muhrlab menga berishdi. Ertalab soat 10 da Toshkentda Barnoev qabulida bo'lishingiz kerak. Paketni ularga berasiz. Hozir esa tez yo'lga chiqing.
Men nima gaplar bo'layotganini bilmay o'yga botgandim.
— Xavotir olmang, — dedi tashkiliy bo'lim mudiri Asqarali Rustamov. — Sizga qandaydir lavozim berishmoqchi.
Tunda yo'l yurib, ertalab Toshkentga, hukumat idorasiga etib keldim. Meni o'sha vaqtda Qishloq va suv xo'jaligi masalalari va axborot-tahlil departamenti boshlig'i O'ktam Barnoev (Alloh rahmat qilgan bo'lsin)ning huzuriga olib kirishdi. U hujjatlarim bilan tanishgach, bir soatdan ziyod vaqt men bilan qishloq xo'jaligi va fermerlar muammolari, er zaxini qochirishning hosildorlikka ta'siri, rahbarlar mas'uliyati kabi mavzularda suhbatlashdi. Keyin:
— Yaxshi, siz qabulxonada biroz kutib o'tiring, men tez kelaman, — dedi va shoshib chiqib ketdi.
Barnoevning yordamchisi menga choy, kofe taklif etdi. Men kalavaning uchini hech topa olmas edim. Televidenieda ishlagan chog'imda anchayin tanilib qolgandim. Vazirlar Mahkamasiga bejiz chaqirishmagan. Qolaversa, Barnoev suhbatdan qanoatlandi, menimcha. Demak, menga biron lavozim berishadi... Lekin nega meni Vazirlar Mahkamasiga suhbatga chaqirishdi? Nega suhbat faqat qishloq xo'jaligi mavzusida bo'ldi? Ha... anglagandek bo'ldim. Meni “Qishloq hayoti” gazetasiga... Yo'g'-e! Axir Chori Latipov endigina ish boshladi-ku u erda.
Nimalar bo'lmaydi bu dunyoda? Balki, u boshqa ishga o'tayotgandir, balki...
Shunday qilib, men agar “Qishloq hayoti” gazetasiga bosh muharrir bo'lsam, ishni nimadan boshlashim, ruknlar, mavzular, jalb etmoqchi bo'lgan mualliflarim, gazeta dizaynini o'zgartirish... kabi ishlar haqida o'zimcha reja tuza boshladim.
Shu payt qabulxonaga O'zbekiston Fermerlar uyushmasi raisi Sohibjon Qobulov kirib keldi. Biz tanish edik. Lekin negadir u men bilan biroz sovuqroq salomlashdi. Keyin oraga uzoq sukut cho'kdi. Ha, endi Barnoevda ishi bo'lsa kerak-da, kelibdi, deb unga ortiq e'tibor bermadim.
Oradan bir yarim-ikki soatlar o'tgach kelgan O'ktam Barnoev Sohibjon Qobulov bilan salomlashmasdan, shaxdam qadam tashlab xonasi tomon o'tib ketdi. Shunda Sohibjon Qobulovning yuzida xavotir sezdim.
Yordamchi meni ichkariga taklif qildi.
— Xo'sh, gap bunday, o'rtoq Obidov, — dedi O'.Barnoev ko'zlarimga tik boqib. — Endi birga ishlaymiz.
— Uzr, men siz bilan kim sifatida ishlashimni aytmadingiz... — taxminim gazeta muharrirligi bo'lsa-da, buni ish beruvchining o'zidan eshitmoqchi edim.
Barnoev stolidagi tugmani bosgandi, yordamchisi kirdi.
— Uyushmada odamlar yig'ilganmi?
— Ha, hammasi tayyor, — dedi yordamchi. — Sohibjon Qobulov ham shu erda.
— Unda, marhamat, o'rtoq Obidov, ketdik!
Barnoevning ovozida masxaralashdek ohang sezdim. Qolaversa, qanaqa uyushma haqida gapirdi u?
— To'xtang, O'ktam Isaevich. Avval menga ayting, qaerga ketyapmiz, menga qanaqa ish bermoqchisizlar?
— Siz bilan bafurja suhbatlashdik. Qishloq xo'jaligini, dehqonchiligu fermerlar muammolarini yaxshi bilar ekansiz. Katta rahbarlardan ham rozilik olindi. Siz respublika fermerlar uyushmasi raisiga o'rinbosar bo'lib borasiz, —Barnoev endi zaharxanda ohangda aytdi bu gaplarni. — Bilim va malakangizni bir ko'rsating-chi!
Ana senga “Qishloq hayoti” gazetasi-yu, ana senga talaseped!
Nega bunday bo'lyapti? Axir men qishloq xo'jaligi mutaxassisi yoki fermer ham emasman-ku! Bir lahzada tug'ilgan savollarga chaqmoqdek bo'lib xayolimga javobi ham keldi.
— Bu o'sha maqola tufaylimi? — ohista so'radim O'ktam akadan.
2000-2006 yillar Rishton tumani uchun juda og'ir keldi. Qishloq xo'jaligi tarmoqlari uchun belgilangan reja bajarilmasdi. Paxta, g'alla topshiriqlari 60-70 foizdan, o'rtacha hosildorlik esa paxtada 20-22, g'allada 30 sentnerdan oshmay qolgandi. Shunda viloyat rahbariyati tuman hokimi, sohaning boshqa mas'ullarini deyarli har yili almashtiradigan bo'ldi. Ammo natija yo'q.
Men lavozimidan bo'shatilgan sobiqlar, moliyaviy jazoga tortilgan fermerlar bilan ko'p suhbatlashdim. Er, suv, urug'chilik, biologik laboratoriya mutaxassislarini tinch qo'ymadim. Ularga bir savol berardim: nega shunday bo'lyapti?
Muammoni izchil o'rgandim degach, yozuv stoliga o'tirdim va bir tahliliy maqola tayyor bo'ldi. Tez orada uni mamlakat miqyosidagi nashrlarning biri chop etdi. Mana u:
QANTAKI O'RIK NAVI YO'QOLIB KETAVERADIMI?
Rishtonda erosti suvining ko'tarilishi bog'dorchilik va dehqonchilikka salbiy ta'sir ko'rsatyapti Farg'ona viloyatida bu yil 115 ming gektar maydonda paxta etishtirildi. Shartnoma bo'yicha uning har gektaridan o'rtacha 28,1 sentnerdan, jami 323 ming tonna hosil tayyorlov idoralariga topshirilishi kerak. Bugungacha reja 80 foizdan oshdi. Paxtakoru mutaxassislar, tashkilotchiyu rahbarlarning qilgan astoydil mehnatlari tufayli, aslida, bundan-da yuksakroq raqamlarga erishilgan bo'lardi. Ammo, nazarimizda, viloyatdagi asosiy e'tibor, bor kuch ekish, parvarishlash, yig'im-terim, dehqonchilik ishini tashkil etishga qaratilyapti.
Aslida esa bugungi tabiiy sharoit, avvalo, erning meliorativ holatini tubdan o'zgartirish masalasiga ustuvorlik maqomini berishni taqozo etadi. Farg'ona viloyatidagi sug'oriladigan maydonlar, birinchidan, vodiyning markazida joylashgan. Ikkinchidan, uning sathi Andijon, Namangan, qo'shni davlatlarning Sug'd, O'sh, Botken, Jalolobod kabi viloyatlari sug'oriladigan maydonlari sathidan past. Tabiiyki, bunday sharoitda erosti sizot suvlari oqimi pastlikka tomon yuradi, sho'rlanish avj oladi. Farg'ona viloyatida sho'ri yuviladigan ekin maydonlarining miqdori, masalan, birgina Andijon viloyatinikiga nisbatan qariyb 30 foiz ko'p.
Biz bunday ma'lumotlarni viloyatda qaysidir yuksak natijalarga erishilmayotgani uchun oqlov sabablari deb keltirayotganimiz yo'q. Dehqon o'z mehnati mahsulidan ko'proq bahra olishi, ruhlanishi va, albatta, moddiy manfaatdorligi ortishiga xizmat qilarmikan bu gaplar, degan fikrdamiz, xolos. Masalan, Rishton tumanini olaylik.
2006 yilda 9 ming gektarga, shundan qariyb 6 ming gektari bo'z tuproqli Markaziy Farg'ona cho'llariga chigit ekdilar. Tuman hokimi G'ayratjon Mamadalievning aytishicha, ana shu 6 ming gektar ekin maydonining boniteti 30 ni tashkil etadi. Lekin tumanda o'rtacha hosildorlik 28,6 sentner deb belgilangan. 2005 yilda bu erda dehqonchilikning fermer xo'jaligi shakliga to'liq o'tilgan. Sobiq shirkat xo'jaliklari o'rnida 661 ta fermer xo'jaligi agrar tarmoqdagi ishlar bilan band. Tuman, mana, 12 yildirki, davlatga paxta sotish rejalarini surunkali ravishda bajarmaydi. Bu yillar mobaynida 6 marta hokim, bir necha o'nlab marta xo'jalik rahbarlari almashdi. Lekin pirovard natijada ijobiy o'zgarishlar yaqqol ko'zga tashlanmayapti. Bugungacha tuman rejani 70 foizdan oshirdi. Biz bashoratchi emasmiz, ammo daladagi hosil cho'g'iga dehqon, mutaxassis ko'zi bilan qaraganlar bu yil tuman rejadagi marraga eta olmasligini aytyaptilar... Xo'sh, nima, Rishtonda dehqon ham, mutasaddi mutaxassis-u tashkilotchi rahbarlar ham shuncha yillardan buyon birdek yomon ishlayaptilarmi? Ular shartnomani ado etib, el-yurt oldida yorug' yuz bilan yurishni istamayaptilarmi? Balki, masalaning boshqa, masalan, er sharoiti bilan bog'liq tomoni ham bordir? Balki, don va paxtachilikda shartnoma uchun belgilangan hosildorlik ko'rsatkichi erning haqiqiy quvvati, boniteti ko'rsatkichiga mos emasdir? Agar shu gapda zarracha ham asos bo'lsa, nega endi dehqon oshirib belgilangan hosildorlik ko'rsatkichiga erisha olmagani uchun ma'naviy hamda moddiy jabrlanishi lozim?
Shimoliy Bag'dod kollektori “Achchiqko'l” meliorativ tizimi boshlig'i Komiljon O'rinboevning ta'kidlashicha, Rishton tumanida erosti suvlari 0-1 metrgacha bo'lgan ming gektar, 1-1,5 metrgacha bo'lgan 2814 gektar ekin maydoni bor. Umuman, tumandagi erosti suvlarini chiqarib tashlash uchun 191 ta tik zax qochirish qudug'i, 254 km xo'jaliklararo, 835 km ichki zovurlar mavjud.
Hosildorlikni oshirishning muhim shartlaridan biri — erning meliorativ holatini yaxshilashdir. Buning uchun, avvalo, zovurlar tozalanishi kerak. 2006 yilda Rishtonda 44 km xo'jaliklararo zovur tozalanishi lozim edi. Bugungacha 27 km ga etdi. 140 km ichki zovurlarni tozalash rejalashtirilgan bo'lsa, uning 48 kilometri tozalandi, xolos. Bu ishlar davlat mablag'iga amalga oshirildi. Yana fermer xo'jaliklari hisobidan 40 km ichki zovur tozalash mo'ljallangan edi. Atigi 6 km tozalandi.
— Tumanda pudratchi tashkilotlarning 16 ta ekskavatori ishlayapti, — deydi K.O'rinboev. — Ish unumdorligi kutilganicha emas. Sababi, birinchidan, yillar, balki, o'n yillar davomida tozalanmagan zovur ko'zini ochish uchun katta miqdordagi tuproq ishlarini bajarish kerak. Bu esa ekskavator qadamini sekinlatadi. Ikkinchidan, hozir ishlayotgan ekskavatorlarning eng “yoshi” ham (ikki yil avval Urganchdan keltirilgan bitta ekskavatordan tashqari) bundan 30-40 yil ilgari ishlab chiqarilgan. Uchinchidan, ilgarilari shirkat xo'jaliklarining iqtisodi yomonligi uchun, hozir esa fermer xo'jaligi iqtisodi mustahkam emasligi uchun ichki zovurlarni tozalash qoniqarsiz ahvolda.
Komiljon yana bir gap aytmoqchi bo'ldi.
Sezib turibman, tomog'iga nimadir tiqildi.
Oraga sukut tushdi. Men sabr qildim. Birozdan so'ng:
— Uyimizda kattalarning ham qulochi etmas “qantaki” o'rik bo'lardi. Bolaligimizda, bundan 40-45 yillar chamasi ilgari onamdan bu o'rikni kim ekkan, deb so'raganimda, bilmadim, bolam, bobomning aytishlaricha, ularning bobolari yoshligida ham shu o'rik daraxti bo'lgan ekan, degandilar. Demak, o'sha daraxtga kamida 150-180 yil bo'lgan. Quyib tashlardi mevani. Oxir-oqibat men xonadon chirog'ini yoqib turganimda ajdodlarimdan qolgan meros — qantaki o'rik daraxti qurib qoldi. Chunki qishlog'imizda erosti zax suvi er yuzigacha chiqib ketgandi...
Zax, erosti sizot suvlarining ko'tarilishi ildizi chuqur daraxtlar, Rishtonda esa qadimiy nav — “qantaki”, “mullaqantaki” kabi o'rik daraxtlarining qurishiga sabab bo'lgan bo'lsa, paxtachilikda esa hosildorlikka salbiy ta'sir ko'rsatdi. Bugina emas. Erning holati yig'im-terimni tezlatishga ham to'g'onoq bo'lyapti.
— Birinchi terimdan so'ng engil suv bergandik. Mana, 15 kundirki, er etilmayapti. Dalaga kirib bo'lmayapti, — deydi “Amrobod jilosi” fermer xo'jaligi boshlig'i G'ayratjon Jalolov.
Tumandagi xo'jaliklarning barchasi bir vaqtning o'zida tugatilib, o'rnida o'sha vaqtning o'zida fermer xo'jaliklari tashkil etildi. Tanlovda aksariyat aynan shu ekin maydonida mehnat qilib kelayotganlarga ustuvorlik berildi. Ya'ni er, asosan, o'z egasiga berildi. Ammo erga egalik qilish faqat dehqonchilik bilimi bilan bog'liq emas-da. Fermerga yana tashkilotchilik qobiliyati, iqtisodiy bilim, rahbarlik salohiyati ham kerak ekan. Bugun o'nlab, yuzlab fermerlarga aynan ana shu fazilatlar etishmayapti va bu pirovard natijada hosildorlikka ta'sir ko'rsatmoqda. Bunday fermerlarni kamsitishga mutlaqo haqimiz yo'q. Chunki ularning aksariyati kechagina mohir mexanizator, fidoyi suvchi, bilimdon hosilot, qishloqning obro'li kishisi edi. Ammo 30-50 gektar erga egalik qilish, qishloqdagi 20-30 oilani ketidan ergashtirish, ularga etakchilik qilish — fermer xo'jaligini boshqarish uchun bu fazilatlarning o'zi etarli emasdi. Qolaversa, fermerlar safiga tasodifan qo'shilib qolganlar ham bor. Shartnoma oldidagi mas'uliyati va majburiyatini tushunmaydigan, er umrini behuda o'tkazayotgan, uquvsiz, xo'jalikdan faqat shaxsiy manfaati yo'lida foydalanayotgan nopok kishilar ham erga egalik qilmoqdalar.
Fermerga imtiyozli kredit, urug', o'g'it, yonilg'i ta'minotida, texnika xizmati ko'rsatishda davlat beqiyos yordam beryapti. Ammo, avvalo, fermer shaxsini yaratish, uni intellektual jihatdan shakllantirish eng muhim masala ekanini hayot ko'rsatmoqda. Bunga esa bir kecha, bir oy, balki, bir yildayoq erishib bo'lmaydi. Shakllanish uchun muhlat kerak.
“Hurriyat” gazetasi,
2006 yil 11 oktyabr, №41-son.
Barnoev savolimga javob bermadi.
— Masala yuqorida hal bo'lgan, dedi u ko'rsatkich barmog'ini ko'tarib.
Qarasam, hozir yo chikki, yoki pukki bo'ladigandek.
— O'ktam Isaevich! Tushunib turibman. “Hurriyat”dagi maqoladan ranjigansizlar. Lekin men jurnalistman. Iqtisod, ma'naviyat, ta'lim, sport... qaysi yo'nalishda bo'lmasin, tahliliy maqola yoza olaman. Rishtonda haqiqatan ham og'ir ahvol yuzaga kelgan. Hukumat komissiyasi tuzilib, er osti suvlarini qochirish yuzasidan qaror yoki dastur qabul qilishi zaruratga aylangan. Men shuni aytmoqchi edim, xolos. Taklif uchun esa katta rahmat. Lekin men fermerlar uyushmasiga ishga bormayman.
Shunday deb o'rnimdan turgan ham edimki, Barnoev ovozini ko'tarib, buyruq ohangida dedi:
— Borasiz! Tavsiyalaringizni bir amalga oshiring-chi!
Taxminim shu bir “tavsiyalaringiz” so'zida tasdig'ini topdi. “Hurriyat”da bosilgan maqoladagi “hokimlarni hadeb almashtiraverishdan naf yo'q” degan gap tegib ketgan. Bo'lmasa, men qayoqda-yu, mamlakat fermerlar uyushmasi qayoqda?
Men o'rnimdan turdim-u eshik tomon yurib ketdim. Keyin bino tashqarisiga shoshdim. Ortimdan “hoy, to'xta, sen qanaqa odamsan o'zi?” degan ovoz quvib kelardi. Endi yugurdim. Yo'q, hartugul, Barnoevning xodimi mustaqillik maydonidan nari o'tmadi. Ammo bo'ralab so'kayotgani anchayin uzoqlashgunimcha elas-elas eshitilib turdi.
Bor gap shu. Shu kuni kasbim tufayli yana bir bor taqdir sinovidan o'tdim.
Albatta, haqiqiy jurnalist biror manfaat uchun yozmaydi. Kasb mas'uliyatidan kelib chiqadi. Men uzoq yillar matbuotda, televidenie sohasida ishlab, yozgan tahliliy-tanqidiy maqolalarimni, tayyorlagan telelavhalar, reportajlarimni faqat va faqat vijdon amriga quloq tutib qalamga oldim, mualliflik qildim. Ana shu qoidaga hozir ham amal qilaman. Shu bois ishonch bilan ayta olamanki, chinakam jurnalist xolislik, adolat va halollik tamoyillariga amal qilsagina, uni el-yurt ham biladi, qadriga etadi. Bir umr shu oltin qoida bilan yashadim, mehnat qildim. Bundan esa hamisha g'ururlanaman.
Muhammadjon OBIDOV, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.
P.S. Oradan bir fursat vaqt o'tib, Rishtonga ketma-ket mutaxassislar guruhlari kela boshladi. Keyin Rishtonga tutash Bag'dod va Oltiariq tumanlaridagi erlarning holati ham o'rganildi. Bu gaplar qandaydir katta voqea ro'y berishidan darak edi. O'rganishlar, tahlillar hisobotga, u esa ko'plab muhokamalarga olib keldi. Va nihoyat, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 19 yanvarda “Farg'ona viloyati Rishton tumanida erlarning meliorativ holatini yaxshilash va sizot suvlarini pasaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko'ra, kollektor — drenaj tarmoqlari, nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, ochiq va yopiq drenaj tarmoqlarini kengaytirish, sug'oriladigan erlar meliorativ holatini yaxshilash vazifasi belgilangan.
Shundan so'ng qaror ijrosi uchun kattagina mablag' ajratildi va meliorasiya sohasidagi ulkan loyihaga ilk bor Xitoy kompaniyalari hamkor sifatida jalb etildi. Farg'onaga Xitoydan o'nlab zanjirli ekskavatorlar keltirildi. Rishton, qisman Bag'dod va Oltiariq tumanlarida qarorda belgilangan ishlar amalga oshirildi.
2012 yilga kelib, Rishton tumani qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish, jumladan, paxta va g'alla topshirish shartnomaviy rejasini viloyatda birinchilardan bo'lib bajardi.
“Hurriyat” gazetasining 2026 yil 25 mart №12 sonidan olindi
Muhammadjon Obidov

Muallif
Shuhratjon EsanovIzohlar yo'q.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.