Yuklanmoqda...
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
ФУҚАРОЛАР УЙСИЗ, МАРАТ ШЕРИКСИЗ ҚОЛДИМИ?

Qurilish kompaniyalari bilan fuqarolar o'rtasida tuzilayotgan shartnomalarda bitta atama ba'zan butun huquqiy munosabatning mazmunini o'zgartirib ko'rsatishi mumkin. Gap “investor” maqomi haqida ketmoqda. IMARAT DEVELOPMENT atrofidagi vaziyatda ham aynan shu jihatga alohida e'tibor qaratish lozim.
Tasavvur qiling shartnomaning bir tomonida mas'uliyati cheklangan jamiyat, ikkinchi tomonida esa fuqaro “investor”sifatida qayd etilgan bo'lsa albatta o'z-o'zidan savol tug'iladi! Xonadon sotib olish uchun yillar davomida mablag' to'plagan inson haqiqatan ham investisiya kirituvchimi yoki u qurilishi kerak bo'lgan uyning xaridorimi?
Bu maqom uning huquqlariga qanday ta'sir ko'rsatadi? Shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda fuqaro o'z mablag'ini qaytarish uchun qanday huquqiy imkoniyatlarga ega?
Albatta, shartnomada “investor” atamasining qo'llanilishi o'z-o'zidan qonunbuzarlik emas. Ammo bu maqom ortida qanday huquq va majburiyatlar yashiringani fuqarolar uchun ochiq-oydin bo'lishi shart.
Chunki shartnomaning nomi emas, uning mazmuni, mablag'larning maqsadi va taraflarning haqiqiy majburiyatlari huquqiy baholashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
IMARAT DEVELOPMENT bilan bog'liq jinoyat ishida tilga olinayotgan Jinoyat kodeksining 168-moddasi firibgarlik. Mazkur modda aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish orqali o'zganing mulkini qo'lga kiritish bilan bog'liq.
Biroq fuqarolardan mablag'lar qabul qilingan paytda kompaniya o'z majburiyatlarini bajarish imkoniyatiga ega bo'lganmi? Ularga berilgan va'dalar qanchalik asosli edi? Mablag'lar aynan qaysi maqsadlarga sarflangan?
Zero, shartnoma shartlarining bajarilmagani yoki pulning qaytarilmagani o'z-o'zidan firibgarlikni anglatmaydi. Buning uchun jinoyat tarkibining barcha zarur belgilari, jumladan, mablag' olingan vaqtdagi qasd va aldash holatlari isbotlanishi kerak.
Yana bir e'tiborli jihat Jinoyat kodeksining 192¹¹-moddasi. U nodavlat tijorat tashkiloti mansabdor shaxsining vakolatlarini suiiste'mol qilishi bilan bog'liq.
Bu o'rinda ham savollar ko'p. Kompaniya rahbariyati qanday qarorlar qabul qilgan? Korxona nomi yoki tashkiliy ma'lumotlarida o'zgarishlar bo'lgan bo'lsa, buning sababi nima? Bunday o'zgarishlar fuqarolar oldidagi majburiyatlarga ta'sir qilganmi? Kompaniyaning avvalgi majburiyatlari kimning zimmasida qolgan?
Albatta, korxona nomining o'zgarishi o'z-o'zidan jinoyat emas. Ammo agar mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish orqali qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarga zarar etkazilgan bo'lsa, bu holatlar tergov doirasida har tomonlama tekshirilishi lozim.
Qurilish kompaniyasi faoliyatidagi eng muhim mezonlardan biri bu mablag'larning maqsadli sarflanishi, qurilish jarayonining haqiqiy holati va shartnoma majburiyatlarining bajarilishidir.
Fuqarolarga va'da qilingan xonadonlar qachon topshirilishi kerak edi? Qurilish uchun olingan mablag'lar qaerga yo'naltirilgan? Kompaniyaning moliyaviy hisobotlari qanday holatda? Majburiyatlar bajarilmagan bo'lsa, buning sababi nima?
IMARAT DEVELOPMENT voqeasi faqat bitta kompaniya taqdiri bilan cheklanib qolmasligi lozim. Bu qurilish bozorida fuqarolar bilan tuzilayotgan shartnomalarning shaffofligi, sarmoyador va xaridor maqomining aniq belgilanishi hamda aholi mablag'larining himoya qilinishi masalasini ham kun tartibiga olib chiqadi.
Chunki uy-joy sotib olish orzusi bilan pul to'plagan fuqaro kompaniyaning muammolari qurboniga aylanmasligi kerak.

Muallif
Shuhratjon EsanovIzohlar yo'q.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.